Rossiyada koronavirusdan vafot etganlarni olib kelish va dafn qilish jarayoni qanday

Nurmat Otabekov Rossiyada koronavirusdan vafot etgan O‘zbekiston fuqarosini olib kelish va dafn qilish jarayoni qanday amalga oshirilishini tushuntirdi.
Sputnik

TOShKENT, 18-may — Sputnik. Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Rossiyada koronavirusdan vafot etgan O‘zbekiston fuqarosini olib kelish va dafn qilish jarayoni qanday amalga oshirilishini tushuntirdi. Bu masalada fuqarolar kimga murojaat qilishlari kerakligini aytdi.

  • COVID-19 kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar jasadi tegishli patanatomiya bo‘limi yoki Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy markazi va uning hududiy filiallariga qarashli jasad tashiydigan maxsus transport vositasida epidemiyaga qarshi barcha chora-tadbirlarga rioya qilgan holda tashiladi;
  • patanatomiya bo‘limi sud-tibbiy ekspertiza ilmiy markazi va uning hududiy filiallari, shuningdek, chet davlatlardan havo yo‘llari va avtomobil yo‘li orqali COVID-19 kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar tobuti uyga olib borilmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabristonga olib borilib, dafn etiladi;
  • mayitni kutib olish va qabristonga yetkazish tadbirlari alohida ajratilgan maxsus avtotransport vositasi yordamida amalga oshiriladi;
  • mayitni maxsus transport vositasida olib borilmasdan, yaqinlari va qarindosh-urug‘lariga berib yuborish qat’iyan man etiladi;
  • shaxsi aniqlanmagan va qarindoshlari tomonidan olib ketilishi rad etilgan jasadlar alohida ajratilgan qabristonga yuqorida qayd etilgan barcha qoidalarga rioya etgan holda dafn etiladi.

Otabekov bunga asos SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligining 2020-yil 26-aprelda imzolangan 04-8/2708 sonli alohida ko‘rsatma xati ekanini qayd etdi.

“Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, bu kabi holatlarda hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazlariga murojaat etish zarur”, - dedi u.