O‘zbekistonda bu yilgi qabul imtihonlari faqat 2 ta fandan bo‘ladi

O‘zbekistonda 2020-yilda OTMlarga kirish imtihonlari faqat 2 ta mutaxassislik fanidan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 13-may — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi tufayli 2020/2021-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini istisno tariqasida faqat 2 ta mutaxassislik fanidan o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Davlat test markazi xabar qildi.

Qayd etilishicha, oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lgan vazirlik, idora, tashkilotlar tomonidan kiritilgan takliflar asosida hamda abituriyentlarni qiynab qo‘ymaslik maqsadida faqat 2020−2021 o‘quv yili uchun istisno tariqasida qabul test sinovlari majburiy fanlarsiz, 2 ta mutaxassislik fanlaridan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Ushbu 2 ta mutaxassislik fanlari 2019-yil dekabr oyida belgilangan tartibda tasdiqlanib, keng jamoatchilikka e’lon qilingan.

O‘zbekistonda OTMga kirish imtihonlari yanada soddalashtiriladi

Ta’kidlanishicha, infeksiya butunlay bartaraf etilmagan sharoitda abituriyentlarning 1000 o‘rinlik binolarda 3-4 soat qolib ketishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Mazkur o‘quv yilida test sinovlari o‘tkaziladigan binolarda ko‘pi bilan 700 tagacha o‘rin tayyorlanadi, har bir abituriyent uchun kamida 3 kvadrat metr joy ajratiladi. Sanitariya-gigiyena talablariga binoan, abituriyentlarning niqob, qo‘lqop bilan testda ishtirok etishi ta’minlanadi. Abituriyentning tana harorati o‘lchangach, binoga kiritiladi. Binolar kamida 4-marta dezinfeksiya qilinadi.

Mazkur choralar test topshiruvchilar, guruh nazoratchilari va jarayonga jalb etilgan boshqa shaxslarning salomatligini himoyalash maqsadida amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz,  Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni joriy 2019/2020 yilini sifatli yakunlash, bitiruv va kirish imtihonlarini tashkil etish masalalari muhokamasiga bag‘ishlab yig‘ilish o‘tkazgan edi. Unda oliy ta’lim muassasalariga hujjatlar qabulini takomillashtirib, masofadan, onlayn shaklda, internet orqali hujjat topshirish imkoniyatini yaratish zarurligi ta’kidlanib, 2020-yilda imtihonlarni soddaroq shaklda o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berilgan edi.