UzAuto Motors Tojikistonga tez yordam avtomobillarini yubordi

Maxsus tez tibbiy yordam parkini kengaytirish va pandemiya vaqtida bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish uchun Tojikistonga Damas avtomobili negizida tez yordam avtomobillari yuborildi.
Sputnik

TOShKENT, 13-may — Sputnik. UzAuto Motors Tojikistonga tez yordam avtomobillarini yubordi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, maxsus tez tibbiy yordam parkini kengaytirish va pandemiya vaqtida bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish uchun Tojikistonga Damas avtomobili negizida tez yordam avtomobillari yuborildi.

Tojikiston TIV rahbari insonparvarlik yordami uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi

Har bir transport vositasi tibbiy xodimlar uchun qo‘shimcha shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlangan. Keyinchalik tibbiy muassasalar orasida tarqatish uchun avtomobillar Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga topshirilgan.

Tojikistonda koronavirus rasman 30-aprel kuni tasdiqlangan edi. 13-may holatiga ko‘ra virus yuqtirib olganlar soni 729 nafarga yetgan. Shulardan 23 nafari vafot etgan.

Tojikistonga rasmiy tashrif bilan kelgan JSST missiyasi hamisha koronavirusning eng yomon ssenariysiga tayyor turish kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, tashkilot pandemiya vaqtida Markaziy Osiyodagi o‘zaro yordam samaradorligini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tojikistonga insonparvarlik yordami va ko‘chma shifoxona uchun konteynerlar yuborgan edi. Bundan tashqari, bir guruh o‘zbekistonlik yuqori malakali va tajribali shifokorlar Tojikistonga koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun yordamga jo‘nab ketgan.