Mirziyoyev karantin talablari yumshatilishda davom etishini aytdi

Ta’kidlandiki, koronavirus xavfi yo‘qolganidan keyin ham xalq karantin paytidagi ayrim qoidalarni o‘zining odatiy turmush tarziga aylantirishi kerak.
Sputnik

TOShKENT, 13-may - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlagan holda karantin talablarini yumshatish davom ettirilishini ma’lum qildi. Prezident bu haqda 13 may kuni videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilgan.

O‘zbekistonda koronavirus: 13-may asosiy xabarlari

Davlat rahbari yig‘ilish avvalida dunyoda pandemiya hali davom etayotgani, lekin qator davlatlar karantin cheklovlarini asta-sekin yumshata boshlaganini qayd etgan.

"Dunyo hamjamiyati koronavirusga qarshi vaksina va davolaydigan dori vositasi hali topilmagani sababli ushbu infeksiya mavjud bo‘lgan sharoitda yashash va ishlashga o‘rganish zarurligi to‘g‘risida yakuniy xulosaga kelmoqda. Biz ham epidemiologik vaziyat jilovini mahkam ushlagan holda, karantin talablarini yumshatishni boshlaganmiz va buni bosqichma-bosqich davom ettiramiz", - degan Mirziyoyev.

Dastlabki tahlillar shuni ko‘rsatganki, qayerda hokimlar butun mas’uliyatni o‘ziga olib, chuqur o‘ylab, odamlar bilan maslahatlashib, ish olib borayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda yaxshi natija bermoqda.

Masnikov koronavirus haqidagi yangi afsonani yo‘qqa chiqardi

Lekin ba’zi joylarda berilgan erkinlikni noto‘g‘ri tushunib, aholi, ayniqsa, yoshlar hech qanday zaruratsiz ko‘chalarni to‘ldirib yurgani kuzatilmoqda. Bunday holatlar hamda oxirgi kunlarda infeksiya yuqtirganlar soni yana oshayotgani hammamizni hushor bo‘lishga chaqirmoqda.

Ta’kidlandiki, koronavirus xavfi yo‘qolganidan keyin ham xalq karantin paytidagi ayrim qoidalarni o‘zining odatiy turmush tarziga aylantirishi kerak. Jumladan, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilish, qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish, dezinfeksiya qilish, turli to‘y-marosimlarni juda cheklangan tarkibda o‘tkazish, yuqumli kasal bo‘lsa maska taqish odatiy qoidaga aylanishi zarur.

"Bir haqiqatni barchamiz aniq tushunib olishimiz shart: pandemiya sharoitida biz joriy etgan yangi tizimning qanchalik samarali ishlashi faqat va faqat o‘zimizga bog‘liq", – degan Mirziyoyev.