Karantin tugamadi: u bosqichma-bosqich yumshatib boriladi

Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 6-maydagi yig‘ilish bayoniga asosan, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish choralari belgilangan
Sputnik

TOShKENT, 12-may - Sputnik. Karantin cheklovlari 2020-yil 10-mayga qadar amal qilishi belgilangan edi. Shunga ko‘ra ayrim fuqarolarda "11 maydan boshlab karantin tugadi" degan noto‘g‘ri tushunchalar paydo bo‘lmoqda, deb xabar qiladi Koronavirus Info telegram kanali.

"Vaziyat murakkablashdi": "sariq” toifada bo‘lgan Zarafshon shahri "qizil" hududga aylandi

Xabarda aytilishicha, aslida, karantin cheklovlari butunlay bekor qilingani yo‘q. Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 6-maydagi yig‘ilish bayoniga asosan, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish choralari belgilandi.

Unga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi tarqalishi va bemorlarning davolanish (sog‘ayish) dinamikasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tahlili asosida hududlar uchta toifaga ("qizil", "sariq", "yashil") ajratildi va har bir toifa uchun alohida cheklovlar belgilandi. Tahlillar muntazam ravishda amalga oshirib borilib, olingan natijalarga ko‘ra mazkur uch toifaga kiruvchi hududlarning har birida cheklovlar bekor qilib boriladi yoki kuchaytiriladi.

Hududlar joriy yilning 8-mayidan boshlab viloyatlar hamda 11-maydan boshlab esa tuman va shaharlar darajasida toifalarga ajratilib, ushbu toifalardan kelib chiqqan holda amalga oshirishga ruxsat beriladigan (berilmaydigan) muayan faoliyat turlari belgilandi.

Ushbu samarali tizim orqali mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy hayotining ma’lum maromda izga tushishi, karantin cheklovlarining oqilona va maqsadga muvofiq tarzda amal qilishi ta’minlanadi. Shuningdek, virus tarqalishi va epidemiyaning jilovlanishi hududlar kesimida samarali monitoring qilib boriladi.

Respublika hududida karantin davom etayotgani bois fuqarolar belgilangan cheklovlarga qat’iy amal qilishga chaqirilmoqda.