TOShKENT, 10-may — Sputnik. O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik doirasida umumiy og‘irligi 34 tonna bo‘lgan insonparvarlik yuki shakllantirildi.
“10 may kuni umumiy qiymati 192 ming dollarga yaqin tibbiy vositalar shaklidagi navbatdagi insonparvarlik yuki ortilgan “Uzbekistan Airways” kompaniyasining maxsus samolyoti Seuldan Toshkentga uchib ketdi”, - deyiladi “Dunyo” AA xabarida.
Qimmatli yuk tarkibiga avtomatik boshqariladigan ko‘p funksiyali tibbiy karavot, antiseptik va dezinfeksiya vositalari, tibbiy niqoblar, inson immun tizimini mustahkamlashga xizmat qiladigan ozuqaviy qo‘shimchalar kiritilgan.
Qayd etilishicha, insonparvarlik yordami Janubiy Koreyaning “BOMI Engineering”, “LH Corporation”, “Evergreen Motors”, “Infinity Co., Ltd.” kompaniyalari, Shinxan universiteti hamda ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar va o‘zbekistonlik talabalar tomonidan taqdim etilgan.
Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 13-aprel kuni Koreya prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida erishilgan kelishuv doirasida tashkil etilgan mazkur ko‘makning og‘irligi 6,2 tonna bo‘lgan birinchi qismi mamlakatga 26-aprel kuni olib kelingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Arab Amirliklari hukumati COVID-19ga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga insonparvarlik yordamining ikkinchi qismini jo‘natgani xabar qilingan edi.