Sirdaryodagi toshqinda oqib ketgan Milliy gvardiya xodimi 15 km uzoqlikda sog‘ holda topildi

Kapitan Ibragimov hodisa joyidan 15 km uzoqlikda sog‘ holda topilgan, afsuski Hazrat Suyunovni qidirish ishlari hali o‘z natijasini bergani yo‘q.
Sputnik

TOShKENT, 9-may — Sputnik. Sirdaryodagi toshqinda oqib ketgan Milliy gvardiya xodimi 15 km uzoqlikda sog‘ holda topildi, bu haqda Milliy gvardiya tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘limi boshlig‘i To‘lqin Qodirov brifingda ma’lum qildi.

Sardoba qanday hayotga qaytmoqda – maxsus reportaj

“Sirdaryo viloyatida joylashgan harbiy qism maxsus vazifalarni bajarish otradi guruh komandiri kapitan Sanjar Ibragimov, maxsus vazifalarni bajaruvchi otrad guruh mutaxassisi oddiy askar Hazrat Suyunov, jangovar otrad muhandis-sapor guruhi mutaxassisi 3-darajali serjant Husniddin Suyarov aholini evakuatsiya qilish tadbirlari jarayonida suv toshqinida oqib ketishgan”, - dedi u.

Qidiruv natijasiga ko‘ra, kapitan Ibragimov hodisa joyidan 15 km uzoqlikda sog‘ holda topilgan.

“Serjant Suyarovning jasadi 3-may kuni soat sakkizlarda Oqoltin tumani Ahillik qishlog‘i Kichik Bobur mahallasidan topilgan. Ming afsuski, oddiy askar Hazrat Suyunovni qidirish ishlari hali o‘z natijasini bergani yo‘q”, – dedi Qodirov.