MISiS mutaxassislari Sardoba aholisi uchun maxsus psixologik mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda

MISiS mutaxassislari yosh bolalarning ruhiy tiklanishlari uchun maxsus psixologik mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Shu kunga qadar jami mingga yaqin oilalar bilan targ‘ibot ishlari olib borildi.
Sputnik

TOShKENT, 4-may — Sputnik. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimidagi ishchi-xodimlar, professor-o‘qituvchilar, volontorlar Sardoba fojiasida jabr ko‘rgan oilalarga ko‘mak ko‘rsatish maqsadida, xayriya ishlarini boshlab yuborishdi.

Ular tomonidan homiylar ko‘magida to‘plangan bir necha yuk avtomashinalarida kundalik ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqatlar bilan birga issiq kiyim-kechaklar, ro‘zg‘or buyumlari, gigiyenik vositalar, badiiy kitoblar, o‘quv qurollari va boshqa turdagi mahsulotlardan iborat “Saxovat karvoni” Sirdaryo viloyatiga yetkazildi.

O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy universitetlar filiallarining xodimlari, jumladan, Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning (Rossiya) Olmaliq shahridagi filiali professor-o‘qituvchilarini ham bu ishlarda faol qatnashdi.

Chetda qololmasdik: toshkentliklar Sirdaryoga insonparvarlik yordamini yubordi

MISiS mutaxassislari joylarda vaqtinchalik ko‘chirilgan aholi muammolarini hal etishda samarali ishtirok etmoqda.

Shu bilan bir qatorda aholi orasida tushkunlik kayfiyatini oldini olish maqsadida MISiS vakillari yuqori malakali mutaxassislar ishtirokida joylarda keng tushuntirish ishlarini olib bormoqda, maxsus guruhlarda ijtiomiy psixologik treninglar tashkil qilmoqda.

Yosh bolalarning ruhiy tiklanishlari uchun esa maxsus psixologik mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Shu kunga qadar jami mingga yaqin oilalar bilan targ‘ibot ishlari olib borildi.

Shuningdek, MISiS vakillari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda stol tennisi, shaxmat-shashka sport turlari bo‘yicha bir qator musobaqalar ham tashkil etilyapti.

Eslatib o‘tamiz, Sirdaryoda 1-may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘oni piketlaridan birining yorilib ketishi oqibatida suv toshqini yuzaga kelgan edi.  70 mingga yaqin aholi xavfsiz hududga ko‘chirilgan va kamida 56 kishi turli tan jarohatlari bilan kasalxonalarga yotqizilgan.