TOShKENT, 3-may — Sputnik. “Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.
Qaror bilan foydalanishdan chiqib ketgan va yer osti suv zaxirasi mavjud bo‘lgan yerlarni foydalanishga kiritish va ularni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun aholiga imtiyozli shartlarda ajratib berish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, tuman hokimligi foydalanishga kiritilgan yer maydonlarini:
- dehqonchilik sohasida bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan, birinchi navbatda ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga 1 gektargacha dehqon xo‘jaligi yuritish uchun, istisno tariqasida, 10-yilgacha muddatga ijaraga beradi;
- tajriba sinov tariqasida mahalliy tadbirkorlik subyektlariga barcha xarajatlarni oldindan to‘lash sharti bilan 5 gektargacha bo‘lgan yer maydonlarini 10-yilgacha muddatga ijara huquqini elektron auksion asosida sotadi.
Ajratilgan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar qo‘llanadi va ustuvor ravishda sabzavot, poliz, kartoshka, dukkakli va moyli ekinlar ekiladi va bog‘, tokzorlar barpo etiladi.
Yerdan foydalanish davomida belgilangan ekin turlarini ekib, ish o‘rinlarini yaratgan, ijara xarajatlarini o‘z vaqtida qoplagan tadbirkorlarga yerdan foydalanish muddatini uzaytirishda ustuvorlik huquqi beriladi.
Ushbu qaror doirasida beriladigan yer maydonlarida yengil konstruksiyali dala shiypon va sug‘orish inshootlarini joylashtirishga ruxsat beriladi, boshqa turdagi, shu jumladan turar joy, bino va inshootlar qurish qat’iyan man qilinadi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalarida ishtirok etadigan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalar toifasiga kiruvchi har bir oila parranda boqqan davri (40 kun) uchun Jamoat ishlari jamg‘armasidan qo‘shimcha 500 ming so‘mdan rag‘batlantiriladi.