TOShKENT, 30 apr - Sputnik. Moskvada politsiya bilan poyga uyushtirgan taksi haydovchisi qo‘lga olindi, deb xabar qilmoqda shahar politsiyasi matbuot xizmati.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, politsiya xodimlari ichida bir nafar yo‘lovchi bo‘lgan Hyundai Solaris rusumli taksi avtomobilini to‘xtatishgan, lekin haydovchi ularning talabiga bo‘y sunmay qochib ketishga uringan.
Politsiya taksi ortidan quvishga va oxir oqibat avtomobil g‘ildiragiga o‘q uzishga majbur bo‘lgan. Qochish jarayonida taksi haydovchisi yo‘l-harakati qoidalarini buzib boshqa haydovchilarni xavf ostiga qo‘ygan.
Ayni damda taksi haydovchisiga nisbatan qonunbuzarlik to‘g‘risida bir necha protokollar tuzilgan, shuningdek uning o‘zi va yo‘lovchi Moskvada joriy etilgan o‘z-o‘zini yakkalash tartibini buzishda ham ayblanishmoqda. Haydovchi 5 sutkaga hibsga olingan avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan.