YeOII kuzatuvchi davlatga keskin talablar qo‘ymaydi - huquqshunos

O‘zbekistonning YeOIIga kuzatuvchi maqomida qo‘shilishi uning siyosiy va iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazmaydi, uning zimmasiga hech qanday majburiyatlar yuklamaydi.
Sputnik

TOShKENT, 29 apr - Sputnik. O‘zbekistonning YeOIIga kuzatuvi maqomida qo‘shilishi hech qanday cheklovlarga olib kelmaydi, dedi yuridik fanlar nomzodi, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Ixtiyor BEKOV. 

"Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning YeOIIga "kuzatuvchi davlat" sifatida kirishi va unga to‘laqonli a’zo bo‘lishning o‘rtasida huquqiy jihatlardan farqlar mavjud. Ya’ni, "kuzatuvchi davlat"ga nisbatan tashkilot hech qanday shart yoki keskin talablarni qo‘ymaydi. Shu sababli, kuzatuvchi davlat maqomida bo‘lish O‘zbekistoning tashqi manfaatlari va ichki siyosatiga ta’sir ko‘rsatmaydi", - dedi huquqshunos. 

Bekov, shuningdek, O‘zbekiston o‘z konstitutsiyasining  17-moddasiga ko‘ra, davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkinligini ham eslatib o‘tdi.

Grozin O‘zbekiston va YeOII o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida

Huquqshunos fikriga ko‘ra, YeOII bilan hamkorlik O‘zbekiston mahsulotlarining YeOIIga a’zo mamlakatlari bozorlariga chiqishida mavjud sun’iy to‘siqlar va eksport qilish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar kamayadi, yuklarni yetkazib berish logistikasi yaxshilanadi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish muddatlari qisqaradi.

Yana bir muhim jihat. YeOIIga kuzatuvchi maqomda bo‘lishning muddatlari va shartlari aniq belgilanmagan. Bu degani, kuzatuvchi maqomdagi davlat hech narsa yutqazmaganligi ortidan ushbu tashkilot a’zolari bilan muloqotni uzmasdan, samarali hamkorlikni davom ettirishi mumkin. Shu sababli, O‘zbekistoninng YeOII bilan hamkorligi yuzasidan Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan tegishli qaror har jihatdan davlat va xalq manfaatlariga birdek xizmat qilishi, shubhasiz, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kecha 28 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekistonning YeOII ga kuzatuvchi davlat sifatida kirishi to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.Ushbu qaror bo‘yicha yig‘ilishda ishtirok etgan jami 132 nafar deputatdan 86 nafari tarafdor (yoqlab), 32 nafari — qarshi, 14 nafari esa betaraf ovoz bergan edi.