Singapurlik olimlar Rossiyada koronavirus epidemiyasi yakunlanish sanasini aytishdi

Singapur universiteti tadqiqotchilari Rossiyada koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat joriy yil iyul oyida yakunlanishini bashorat qilishdi.
Sputnik

TOShKENT, 27 apr — Sputnik. Singapur texnologiyalar va dizayn universiteti (SUTD) tadqiqotchilari ma’lumotlar tahlili asosida Rossiyada koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat joriy yil iyul oyida yakunlanishini bashorat qilishdi, deya yozadi RIA Novosti.

Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, Rossiyada virus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat 97 foizga 20-mayga kelib yakunlanadi. 28-mayga kelib vaziyat 99 foizga hal qilinadi, 20-iyulda esa 100 foiz uning yakunlanishini taxmin qilinmoqda.

Tadqiqotga ko‘ra, AQShda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning 27-avgustida, Germaniya va Fransiyada 1 va 5-avgustda batamom yakunlanadi. Buyuk Britaniyada esa 14-avgustda epidemiya ortda qolishi taxmin qilinmoqda.

Epidemiya qachon yo‘q bo‘ladi – Nurmat Otabekov taxmini

Shu bilan birga, Rossiyada koronavirus o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga 24-aprel kuni chiqqani keltirilgan.

Tadqiqotchilar koronavirusga oid ma’lumotlarni 131 ta mamlakat bo‘yicha o‘rganishgan. Taxminni tuzish uchun, xususan, SIR-model – infeksiya tarqalishining matematika modelidan foydalanilgan. Modelda virus yuqtirib olganlar, tuzalganlar, kasallikka moyillik sur’ati bayon qilingan.

Tadqiqot mualliflari har holda har qanday taxminlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarurligini ta’kidlashgan va unga haddan tashqari umid bog‘lash kerakmasligi haqida ogohlantirishgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 185 davlatida koronavirus bilan bog‘liq 3 millionga yaqin holat etilgan. Shulardan 870 mingdan ziyod kishi tuzalib ketgan. 207 mingga yaqin kishi esa virus qurboniga aylangan.

Bemorlar soni bo‘yicha AQSh yetakchilik qilmoqda. U yerda 966 mingga yaqin kishi koronavirusga giriftor bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Ispaniya (226 629), Italiya (197 675), Fransiya (162 220), Germaniya (157 770) bemorlar soni ko‘pligi bilan qayd etilgan. Rossiyada esa bugunga qadar jami 87 147 ta koronavirus bilan bog‘liq holat aniqlangan.