Uxan kasalxonalarida birorta ham COVID-19 bemori qolmadi

Koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Uxan shahridagi kasalxonalarda birorta ham koronavirus bilan kasallangan bemor qolmadi.
Sputnik

TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Yangi turdagi koronavirus infeksiyasi o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Uxan shahridagi kasalxonalarda birorta ham koronavirus bilan kasallangan bemor qolmadi. Bu haqda Xitoy sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha Davlat qo‘mitasi vakili Mi Fen ma’lum qildi.

Xitoy hukumati Uxan shahridan chiqish yo‘lini ochdi

“Uxanlik shifokorlar va ularga butun mamlakat bo‘ylab yordam berayotgan tibbiyot xodimlarining umumiy sa’y-harakatlari sababli 26-aprel holatiga ko‘ra Uxan kasalxonalaridagi koronavirus infeksiyasiga mubtalo bo‘lgan bemorlar soni nolga teng”, - deya Mi Fen so‘zlaridan keltiradi RIA Novosti.

Uxanda jami 50 333 kishi koronavirus bilan kasallangan edi. Shulardan 3869 nafari vafot etgan.

2019 yil 31-dekabr kuni Xitoy hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga mamlakatning markaziy qismidagi Uxan shahrida (Xubey provinsiyasi) kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya kasalligi avj olgani haqida xabar berdi. Mutaxassislar kasallikning qo‘zg‘atuvchisi yangi koronavirus ekanligini aniqladilar, keyinchalik kasallik rasmiy ravishda COVID-19 deb nomlandi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 185 davlatida koronavirus bilan bog‘liq 2,8 milliondan ziyod holat etilgan. Shulardan 817 mingdan ziyod kishi tuzalib ketgan. 203 mingga yaqin kishi esa virus qurboniga aylangan.

Bemorlar soni bo‘yicha AQSh yetakchilik qilmoqda. U yerda 940 mingga yaqin kishi koronavirusga giriftor bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Ispaniya (223 759), Italiya (195 351), Fransiya (161 644), Germaniya (156 513) bemorlar soni ko‘pligi bilan qayd etilgan.