TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Vazirlar mahkamasining Toshkent viloyatida “Invest Village” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Toshkent viloyatida qurilish va obodonlashtirish ishlarini yanada jadallashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga chet el investorlari uchun qulay shart-sharoitlarga ega bo‘lgan zamonaviy shaharcha tashkil etiladi.
Shaharcha Qibray tumanida tashkil etiladi va unga 40 gektar yer uchastkasi ajratiladi.
“Super Garden” MChJga ajratilgan yer uchastkasida Turkiyaning “Toleza Tekstil Sanayi Iç ve Dis Tic. Ltd. Sti.” Kompaniyasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 25 mln AQSh dollarilik xorijiy investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin”, - deyiladi qaror matnida.
Loyihaga turk kompaniyasi 20 mln dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritadi. “Super Garden” MChJ tomonidan esa 5 mln dollar mablag‘ kiritiladi.
“Invest Village” loyihasini 2020-2021 yillarda foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.
Quriladigan uy-joylarning 5 foiz Toshkent viloyati hokimligiga beriladi.