Ayrim sohalarga faoliyatini davom ettirishga ruxsat beriladi – prezident

Qurilish, muhandislik kommunikatsiyalari va yo‘l qurilishi sohalariga karantin qoidalariga amal qilgan holda faoliyatini davom ettirishga ruxsat berildi.
Sputnik

TOShKENT, 21 apr - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda iqtisodiyotning ayrim sohalari faoliyatini davom ettirishga ruxsat berilishini xabar qildi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati. 

Karantin qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda, barcha qurilishlarni davom ettirishga ruxsat beriladi. Ichki ishlar vazirligiga soha korxonalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning harakatlanishiga sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi, - deyilgan xabarda.

Shavkat Mirziyoyev ayrim hududlarda karantinni yumshatish haqida topshiriq berdi

Qurilish  sohasi - aholi bandligi va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash borasida katta imkoniyatlarga ega “drayver”lardan biri hisoblanadi. Xususan, bu tarmoq 1 million 325 ming nafar aholini ish bilan ta’minlaydi, boshqa sanoat yo‘nalishlari uchun ham talab yaratadi. Shu bois, karantin davrida qurilish hajmi kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bu sohaga qo‘shimcha 3,6 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, qurilish materiallari bozori bilan bog‘liq masalalar ham atroflicha muhokama qilindi. Karantin davrida mazkur industriya korxonalarida ishlab chiqarish hajmi 30-40 foizga kamaygan. O‘z navbatida, xomashyo mahsulotlari ham sotilmay qolgan.

Shundan kelib chiqib, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik kompaniyasiga birinchi yarim yillikda mahsulot ishlab chiqarishni 10 trillion so‘m va yil oxirigacha 22 trillion so‘mga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bu ko‘rsatkichlarni ta’minlashda eksport bozorlari asosiy imkoniyat hisoblanadi.

Undan tashqari, karantin davrida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi qurilishiga Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan qo‘shimcha 1,5 trillion so‘m, xususan, suv ta’minoti bo‘yicha 55 ta loyihaga 500 milliard so‘m va yo‘l qurilishi bo‘yicha 1 ming 547 ta loyihaga 1 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Pudratchilarni aniqlab, qurilish ishlarini tez fursatlarda boshlash muhimligi qayd etildi.

Xususan, Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ichimlik suvi tizimini yaxshilash hamda yo‘l qurilishi sohasida. Endi hududlar respublikadan mablag‘ kelishini kutib o‘tirmasdan, ichki yo‘llarni o‘zlari ta’mirlashlari zarurligi aytib o‘tildi.

Majlisning batafsil bayonoti bilan quyida tanishishingiz mumkin.