Federatsiya kengashi migrantlarga ishsizlik nafaqasini to‘lash g‘oyasiga munosabat bildirdi

Avvalroq mehnat migrantlarini vaqtincha Rossiya fuqarolariga tenglashtirish va ularga ham ishsizlik nafaqasini to‘lash taklif qilingan edi.
Sputnik

TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Hukumat mehnat migrantlariga ishsizlik nafaqasini to‘lashga oid mustaqil ravishda qaror qabul qilishi mumkin. Buning uchun qonunchilikka tuzatish kiritish shart emas. Bu haqda RIA Novostiga Rossiya Federatsiya kengashi ijtimoiy qo‘mitasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Valeriy Razanskiy ma’lum qildi.

“Koronavirus tarqalishi tahdidi tufayli Hukumatning unga berilgan vakolatlari doirasida bunday qaror qabul qilishga huquqi bor”, - dedi Razanskiy.

Rossiyada migrantlar uchun patent to‘lovi bekor qilindi – batafsil videoda

Uning ta’kidlashicha, ish beruvchilar bilan rasmiy ravishda shartnoma tuzgan mehnat migrantlari bu masalani bevosita o‘z rahbariyati orqali hal qilishi mumkin.

“Ish beruvchi rasmiy shartnoma tuzmagan chet ellik ishchilar migrantlar assotsiatsiyasi yoki o‘z elchixonalariga murojaat qilishlari mumkin. So‘ngra bu ma’lumot Rossiya Federatsiyasi hukumatiga yetkazilishi mumkin”, - dedi Razanskiy.

U hukumatning bunga o‘xshash masalalarni hal qilish uchun zaxira jamg‘armasi, maxsus grantlari mavjudligini tushuntirdi

“STA tashabbusi tushunarli, og‘ir ahvolda qolgan kishilar och qolishi mumkin, ularni biror bir moddiy tomon bilan ta’minlash lozim”, - deya ta’kidladi parlamentariy.

Uning fikriga ko‘ra, bu masala hal qilinmasa, u migrantlar tomonidan noqonuniy xatti-harakatlar o‘sishiga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Strategik tashabbuslar agentligi Rossiyada migrantlarga ham vaqtincha ishsizlik nafaqasini to‘lashni taklif qilgan edi.