Prezident xalq qabulxonalari 5 mingdan ziyod maxsus kombinezonlarni tarqatdi

Maxsus aksiya doirasida besh mingdan ziyod maxsus kombinezonlar tayyorlangan va tarqatilgan, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti Xalq qabulxonasi mudiri Baxtiyor Jamolov.
Sputnik

TOShKENT, 18 apr - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi tunu kun navbatchilikda turgan posbonlarni maxsus kombinezonlar bilan ta’minlamoqda, deb xabar qilmoqda "Xalq bilan muloqot" guruhi.

AQSh koronavirusning kelib chiqishini aniqlamoqchi - Tramp

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xabariga ko‘ra, bugungi kunda kasallikka chalinganlar soni dunyo bo‘yicha 2 milliondan oshgan. Koronavirus pandemiyasi O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi, ammo hukumat rahbarlari mamlakatda kasallik tarqalishining oldini olish, pandemiyani talafotlarsiz o‘tkazish uchun barcha choralarni ko‘rishmoqda.

Xususan, shunday qiyin sharoitda xalq tinchligi, xotirjamligini ta’minlash uchun tartib posbonlari tunu kun mehnat qilib kelmoqdalar.

Kuni kecha O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi va O‘zbekiston prezidenti xalq qabulxonasi tashabbusi bilan Toshkentga kirib keladigan barcha postlarda tunu kun navbatchilikda turgan Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari Milliy gvardiya va boshqa tegishli idoralar xodimlariga xizmatda turgan paytida koronavirusdan himoyalanish uchun kiyiladigan qo‘shimcha maxsus kombinezonlar homiylik yo‘li bilan taqdim etildi.

"Bu ishga yuzdan ziyod tikuvchi jalb etilgan. Mazkur sexlarga xomashyo yetkazib berdik, mablag‘ bilan ta’minladik. Bunday aksiyalarimiz respublikamizning barcha hududlari bo‘ylab davom etadi", – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi mudiri Baxtiyor Jamolov.

Ushbu aksiya doirasida besh mingdan ziyod maxsus kombinezonlar tayyorlandi.

Ta’kidlash joizki, kombinezonlar davlat rahbarining maxsus farmoni bilan tashkil etilgan mamlakatning chekka hududlaridagi tikuv sexlarida tayyorlangan.