"Burokratlarga qamoq, muhtojlarga pul": prokuraturaning karantindagi vazifalari

Karantin rejimi 10-maygacha uzaytirilgan bir sharoitda O‘zbekistonda prokuratura xodimlarining aniq vazifalari belgilandi. Xususan, ulardan tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan rahbarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishgacha bo‘lgan keskin choralar ko‘rilishi talab etildi.
Sputnik

TOShKENT, 18 apr - Sputnik. Karantin tartibi uzaytirilgan bir sharoitda O‘zbekistonda prokuratura organi xodimlari zimmasiga fuqarolarni ijtimoiy himoyalash, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va boshqa bir qator dolzarb vazifalar yuklatildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

COVID-19: prokuratura xodimlari ish haqlarining bir qismini yangi fondga o‘tkazib berdilar

Bosh prokuror o‘rinbosari Saidlazi Saidkarimov raisligida koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin cheklovlari sharoitida aholini ijtimoiy himoya qilish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha prokuratura organlarining dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan audioselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Muhtojlarga yordam beriladi

Ta’kidlandiki, ayniqsa, yordamga muhtoj, yakka-yolg‘iz, ishsiz fuqarolarni ijtimoiy himoyalashga e’tiborni kuchaytirish zarur. Jumladan, prokurorlar sektorlarida og‘ir turmush sharoitidagi hamda karantin davrida vaqtinchalik daromad manbaini yo‘qotgan 5 mingta oilaga prokuratura organlari tomonidan moddiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi.

Ish haqi, pensiya, nafaqa va boshqa birinchi darajali to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lanishiga oid qonunlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish lozimligi alohida qayd etildi.

Narxlar sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi

Prokuratura organlari tashabbusi bilan aholiga qulaylik yaratish maqsadida muntazam ravishda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda: 1 apreldan buyon 25 826 ta ko‘chma savdo rastalari tashkil etilib, ular orqali savdo nuqtalaridan uzoq va chekka hududlarda yashovchi aholiga 28 737 tonna oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan.

Maxsus rejim: bozorga urushga saflanganday

Maxsus jihozlangan 127 ta ko‘chma dorixona orqali 979,7 mln. so‘mlik dori vositalari va tibbiyot  buyumlari  sotilishi  ta’minlangan.

Amalga oshirilgan ishlarga qaramasdan, ayrim hududlarda narxlarni asossiz oshirish, savdo maskanlarida sanitariya-epidemiologiya qoidalarga rioya etmaslik holatlari ham kuzatilmoqda. Shu bois, zarur mahsulotlarni uzluksiz yetkazib berilishi va narx-navosi barqarorligini ta’minlash ustidan nazoratni yanada kuchaytirish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Xususan, prokurorlardan, joylarda ushbu mahsulotlar ta’minoti ahvolini, shuningdek, laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasini aniqlash bo‘yicha test uchun zarur vositalar zahirasi yetarliligini doimiy o‘rganib borish, vujudga kelayotgan mavjud muammolar bo‘yicha Bosh prokuraturaga zudlik bilan takliflar taqdim etilishi talab etildi.

Tadbirkorlar dushmanlariga qamoq

Koronavirus infeksiyasini iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish, zarur sohalarda tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.  

Mirziyoyev: birorta ham tadbirkorni o‘z holiga tashlab qo‘ymaymiz

Shu sababli, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, karantin cheklovlari, sanitariya va gigiyena talablariga rioya etgan holda ularning faoliyati to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymaslikning barcha zarur choralarini ko‘rish, soliq to‘lovlari, bank kreditlari hamda kommunal to‘lovlar bo‘yicha berilgan imtiyozlarning to‘liq qo‘llanilishi ustidan nazoratni kuchaytirish lozimligi alohida qayd etildi.

Yig‘ilishda, 3 379 nafar eksportorlar, shuningdek, 30 dan ortiq ish o‘rniga ega, yirik oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarining har biriga prokuratura xodimlarini biriktirish orqali ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va tezkor hal qilish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.

Shu bilan birga, prokurorlardan, eksport prognozi bajarilishi bo‘yicha topshiriqlar ijrosiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan, tadbirkorlarga yordam berish o‘rniga suiiste’molchilik qilgan mutasaddi idoralarning rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishgacha bo‘lgan keskin choralar ko‘rilishi talab etildi.

Karantin cheklovlarini buzganlar jazolanadi

Karantin cheklovlari davrida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlari  bir zum ham to‘xtatilmaydi. 

Samarqandda aholi orasida vahima tarqatmoqchi bo‘lgan shaxs bir oyga qamaldi

Bunda fuqarolarning karantin qoidalariga so‘zsiz rioya etishlarini ta’minlash, shuningdek, koronavirus pandemiyasi haqida asossiz xabarlar tarqatish, aholi orasida sarosima va vahima keltirib chiqarishga urinishlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolarni tezkor aniqlash va ularning salomatligini nazoratga olish bo‘yicha prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda tashkil etilgan tergov guruhlari faoliyatini kuchaytiriladi. Bu borada sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatlari bilan hamkorlikni yanada oshirish rejalashtirilgan.