TOShKENT, 16 apr - Sputnik. SSSR sobiq prezidenti Mixail Gorbachev barcha davlatlarni harbiy budjetni 10-15%ga qisqartirish majburiyatini o‘z zimmasiga olishga da’vat qildi. Uning fikricha, koronavirus global pandemiyasi mablag‘larni harbiy maqsadlardan inson xavfsizligini ta’minlashga qaratish kerakligini aniq ko‘rsatdi.
SSSRning birinchi va yagona prezidenti amerikaning har hafta nashrdan chiqadigan Time nashri uchun tayyorlagan maqolasida jahondagi yuzaga kelgan vaziyat haqida fikr yuritgan, payshanba kuni jurnal bu fikrlarni chop etdi. Siyosatchi bugungi kunda birinchi o‘ringa inson xavfsizligini qo‘yish kerakligi haqida yozadi - bu eng avvalo, odamlarni oziq-ovqat, suv bilan ta’minlash, atrof muhit muhofazasi va inson salomatligining ustuvorligidir. Bugungi kunda xavfsizlik deyilganda harbiy aspekt tushuniladi, shu bois bu haqdagi tushunchani tubdan o‘zgartirish lozim, deb yozadi Gorbachev.
Ammo, siyosatchi ta’kidiga ko‘ra, agar hukumat bundan keyin ham qurol-aslaha poygasi uchun ulkan mablag‘larni sovurar ekan, hech qanday urinish samara bermaydi. Bugun mablag‘larni qayta taqsimlash, ularni harbiy maqsadlardan inson xavfsizligi bilan bog‘liq maqsadlarga yo‘naltirish zarurligi ayniqsa namoyon bo‘lib qoldi.
Sobiq sovet yetakchisi inson xavfsizligi yo‘lida "strategiya ishlab chiqish, tayyorlanish, rejalashtirish, zaxiralarni yaratish" zarurati haqida yozadi. Uning fikricha, mamlakatlar yetakchilari va barcha darajadagi rahbarlar buning uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishlari kerak. SSSR sobiq prezidenti hozirda jahon siyosati, xalqaro munosabatlar, siyosiy ong harbiylashishdan yiroqlashishi kerakligiga yana bir bor e’tibor qaratdi. Va bu masala eng oliy xalqaro darajada muhokama etilishi zarurligini ta’kidladi.
"Shu bois, men BMTning favqulodda sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rishni va holat barqarorlashishi bilan uni o‘tkazishga da’vat qilmoqdaman. Gap jahondagi kun tartibi to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi haqida bormog‘i lozim. "Men barcha davlatlarga konkret harbiy budjetni 10-15 %ga qisqartirish majburiyatini olishni taklif qilmoqdaman. Bu biz bugun qila olishimiz mumkin bo‘lgan birinchi zaruratdir", - deydi siyosatchi.
Uning fikricha, pandemiya, barcha mamlakatlarni yaxlit tahdidga giriftor qildi va "bunda hech kim ushbu yangi xatarni yakka o‘zi yenga olmaydi". Uning prognoziga ko‘ra, COVID-19 va uning oqibati ayniqsa kambag‘allarga juda qattiq zarba beradi va bu bilan notenglik muammosini yanada murakkablashtiradi. Shu bilan birga, ushbu chaqiriqqa javob butkul "milliy" bo‘lishi mumkin emas, deydi ishonch bilan siyosatchi, "pandemiyadan so‘ng dunyo haqiqatda yaxshi tomonga o‘zgarishi uchun global strategiya, barcha tomonlarning muvofiqlashgan harakatlari talab etiladi".
"Bugungi kundagi bosh masala – yovuz dushmanni yengib olish. Ammo biz bugundan boshlab, bu kulfat ortda qolganida qanday yashashimizni o‘ylashimiz kerak", - deb ta’kidladi Gorbachov.