TOShKENT, 14 apr — Sputnik. AOKAdagi brifingda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov Toshkent shahridagi ikkita tibbiyot muassasi yopilgani haqidagi xabarga izoh berdi.
“Ha, to‘g‘ri. 17-shahar klinik kasalxonasi va Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 8-oilaviy poliklinika karantinga yopildi”, - deya javob berdi u ushbu muassasalar shifokor va bemorlari bilan karantinga yopilgani to‘g‘rimi degan savolga.
Shuningdek, u Xorazm viloyatidagi harbiy qismda xorijdan qaytgan va karantinga joylashtirilgan, keyin shu karantindagilar orasida kasallik tarqab ketgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 25-27 mart kunlari virusologik tekshiruvlar natijasiga asosan, karantindagi 7 kishining natijasi musbat chiqqan. U yerdagilar "Yoshlar" va "Hayot-NN" mehmonxonalari, Xonqa sanotoriyasiga, TTA Urganch filiali klinikasiga, TATU Urganch filiali yotoqhonasiga ko‘chirildi. Hozir harbiy qismda fuqarolar qolmagan.