Namangan va Uchqo‘rg‘onda transport va fuqarolar harakatlanishi to‘xtaladi

Fuqarolarga faqat istisno tariqasida yashash uyidan 100 metr atrofidagi savdo nuqtalariga kuniga bir marotaba chiqib, zaruriy narsalarni xarid qilishiga ruxsat beriladi.
Sputnik

TOShKENT, 12 apr — Sputnik. 13-aprel soat 06:00dan boshlab Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani hududida transport va fuqarolarning harakatlanishi butunlay to‘xtatiladi. Bu haqda  Namangan viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani, shu jumladan Qayqi qishlog‘i hududida barcha turdagi shaxsiy va xizmat avtotransport vositalari, mototransport (skuter), velosiped hamda fuqarolarning harakatlanishi butunlay to‘xtatiladi.

COVID-19 yana 32 nafar o‘zbekistonlikda aniqlandi

Respublika maxsus komissiyasining bayonida ko‘rsatilgan harakatlanish huquqi saqlab qolinadigan va maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan avtotransport vositalaridan tashqari, Namangan shahri va Uchqo‘rg‘on tumani, shu jumladan Qayqi qishlog‘i hududida faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalari, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi (shu jumladan ularni yetkazib beruvchi va autsorsing xizmatlari), eksportor korxonalar, qishloq xo‘jaligida jalb etilgan (ishchi-xodim va texnika)lar, shuningdek ularga tegishli faqat yuk tashishga ixtisoslashgan “Damas” (Van va Labo) rusumli avtomashinalari bundan mustasno.

Harakatlanish to‘xtatilgan davr mobaynida qayd etilgan hududlarda yashovchi fuqarolarga faqat istisno tariqasida yashash uyidan 100 metr atrofidagi savdo nuqtalariga kuniga bir marotaba chiqib, hayotiy zarur ehtiyojlar – oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalar xarid qilishiga ruxsat beriladi.