Koronavirusdan tuzalgan shaxsni haqorat qilganlik uchun qanday jazo belgilangan

Ayrim shaxslar karantindan qaytgan yoki kasallikdan tuzalgan fuqarolarga nisbatan hurmatsizlik qilmoqda. Ularni kasallikni boshqalarga ham yuqtirishida ayblamoqda.
Sputnik

TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Koronavirusdan tuzalgan yoki karantinda bo‘lgan shaxsni haqorat qilganlik, sha’ni va qadr-qimmatiga putr yetkazganlik, kamsitganlik, uning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatganlik uchun 9 mln so‘mgacha ma’muriy jarima belgilangan. Bu haqda Adliya vazirligi eslatma bilan chiqdi.

O‘zbekistonda yana 19 nafar bemor koronavirusdan shifo topdi

Agar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng ushbu qilmish takroran sodir etilsa, aybdorga 22,3 mln so‘mgacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2-yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jinoiy jazo qo‘llanilishi mumkin.

Bundan tashqari, fuqaroning shaxsiy hayotiga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda oshkor qilish og‘ir oqibatlarga olib kelsa, aybdor 44,6 mln so‘m jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3-yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallanganlar 833 kishini tashkil qilmoqda. Shulardan 66 nafari to‘liq tuzalib ketgan. To‘rt kishi esa ushbu kasallikdan vafot etgan.