TOShKENT, 9 apr - Sputnik. O‘zbekiston Tojikistonga insonparvarlik yordamini yuborgach, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida tyelefon muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Xabarda ta’kidlanishicha, suhbat avvalida Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston rahbari va qardosh O‘zbekiston xalqiga Tojikistonga ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorlik bildirgan.
Davlat rahbarlari suhbat davomida mamlakatlar va Markaziy Osiyo mintaqasidagi koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq joriy epidemiologik vaziyat yuzasidan fikr almashganlar.
Koronavirusga qarshi samarali kurashish maqsadida muvofiqlashgan choralarni ishlab chiqish, o‘zaro ko‘maklashish, tegishli tibbiyot va boshqa aloqador xizmatlar o‘rtasidagi yaqin muloqotlarni davom ettirish muhimligi qayd etilgan.
Pandemiyaning ikki tomonlama yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanish sur’atiga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun oldindan chora ko‘rish lozimligi alohida ta’kidlangan.
Savdo-iqtisodiy, investitsiya, moliya va transport-kommunikatsiya sohalari, shuningdek, hududlararo hamkorlik, shu jumladan poytaxt shaharlar Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi almashinuvlar doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bu boradagi ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilab olingan.
Suhbatda O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari mintaqaviy hamkorlikka oid va xalqaro ahamiyatga molik ayrim dolzarb masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.