Tramp Oyni o‘ziniki qilib oldi: AQSh prezidenti yangi farmonga imzo chekdi

Amerika prezidenti Donald Tramp amerikaliklarga Oy zaxiralaridan foydalanish huquqini beruvchi farmonga imzo chekdi.
Sputnik

TOShKENT, 7 apr — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp AQShga Oy zaxiralaridan foydalanish huquqini beruvchi farmonga imzo chekdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar qilmoqda.

“Tegishli qonunchilikka binoan amerikaliklar koinotdagi zaxiralarni tijoriy tadqiq qilish, qazib olish va foydalanish huquqiga ega bo‘lishlari kerak”, - deyilgan hujjatda.

Bundan tashqari, farmonda keltirilishicha, koinot yuridik va jismoniy tomondan inson faoliyati uchun o‘ziga xos hudud hisoblanadi va AQSh uni umumiy mulk deb hisoblamaydi.

“Koinot yuridik va jismoniy tomondan inson faoliyati uchun o‘ziga xos hudud hisoblanadi, va Amerika Qo‘shma Shtatlari unga umumiy mulk sifatida qaramaydi”, - deyilgan Oq uy tarqatgan xabarda.

Tramp Moskva va Ar-Riyodga neft qazib olishda imtiyoz va’da bermaganini aytdi

Farmonda ta’kidlanishicha, AQSh bu yo‘nalishda xalqaro ko‘makka erishmoqchi. Hujjatga ko‘ra, Davlat departamenti va boshqa vazirlik va idoralar Oydagi va boshqa samo jismlaridagi zaxiralarni qazib olish, ishlab chiqish va foydalanish to‘g‘risidagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama kelishuvlarni tuzish uchun xalqaro darajada muzokaralar o‘tkazishlari lozim. 180 kun ichida davlat kotibi amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berishi shart.

Oyda va boshqa samo jismlarida davlatlarning faoliyati haqidagi kelishuv BMT bosh assambleyasi tomonidan 1979-yilda qabul qilingan. Kelishuvda Oyni tadqiq qilish va undan foydalanishga butun insoniyat haqli ekani va u dunyo davlatlari manfaati yo‘lida amalga oshirilishi ta’kidlab o‘tilgan. Oyni tadqiq qilish bilan shug‘ullanuvchi davlatlar hamkorlik va o‘zaro yordam tamoyillariga asoslanishi belgilangan.