TOShKENT, 7 apr — Sputnik. O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasi hamkorligida o‘ziga xos salomatlik aksiyasini e’lon qiladi.
#uydaqol! #hayotgaqo‘shil! chellenji “6 aprel – Taraqqiyot va tinchlik yo‘lida Xalqaro sport kuni” munosabati bilan fuqarolar orasida uy sharoitida jismoniy tarbiya va sport bilan faol shug‘ullanishni keng targ‘ib etish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Buning uchun karantinda uyda qolib oila a’zolar bilan birga badantarbiya va sport mashqlarini bajarish hamda uni videoga olgan holda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga (Facebook, Instagram)ga joylash talab etiladi.
Qolaversa, ushbu videoni Jismoniy tarbiya va sport vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari (facebook.com/www.sport.uz, instagram.com/minsportuz)га ulashish lozim.
Videoroliklarni baholashda taqdim etilgan videorolikda tanlov ishtirokchisi yoki uning oila a’zolari uy sharoitida sport bilan shug‘ullanish jarayoni aks etganligi, uyda sport bilan shug‘ullanish jarayoniga kreativ yondashuvi, videorolikning sifati, ishtirokchi(lar)ning uyda qolib sport bilan shug‘ullanishga da’vat etgan (chaqiriq) bo‘lishi, videoroliklar 3 daqiqadan oshmasligiga e’tibor qaratiladi.
Chellenj 6-26 aprel kunlari oralig‘ida o‘tkaziladi. Har to‘rtinchi kunda chellenjning uch kunlik g‘oliblari aniqlanib, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlab boriladi.