O‘qituvchi videodarsda yo‘l qo‘ygan xatosi uchun uzr so‘radi

“Vatan tuyg‘usi” fanidan 5-sinf uchun tasvirga olingan videodarsda o‘qituvchi O‘zbekiston NATOning a’zosi deb noto‘g‘ri ma’lumot bergan.
Sputnik

TOShKENT, 5 apr — Sputnik. “Vatan tuyg‘usi” fanidan 5-sinf uchun tasvirga olingan videodarsda o‘qituvchi xatolikka yo‘l qo‘ygan. O‘qituvchi bu xatolik uchun uzr so‘radi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot kotibi xabar qildi.

O‘qituvchi “Mustaqillik – avvalo huquq demakdir” mavzusini tushuntirishda O‘zbekiston NATO tashkilotining a’zosi deb yuborgan.

Umumta’lim maktab o‘quvchilari uchun onlayn videodarslar boshlandi

“O‘zbekiston NATOning a’zosi emas. Ammo mamlakatimiz mazkur tashkilot bilan uning bir necha dasturlari doirasida hamkorlik qilib keladi. Darsni olib borgan o‘qituvchi bu xatolik uchun uzr so‘ragan holda keyingi videodarsda bu haqida qo‘shimcha ma’lumot beradi”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, XTV televizion darslarni suratga olish loyihasiga muharrir va o‘qituvchilarni hamkorlikka chaqirgan edi. Bir necha soat ichida 250 dan ziyod mutaxassis vazirlik bilan hamkorlikka tayyor ekanligini bildirgan.