O‘zbekiston va YeOII

Oliy Majlis Senatida YeOII bilan hamkorlik bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzildi

Senatning maxsus ishchi guruhi O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik istiqbollarini o‘rganmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 5 apr — Sputnik. Oliy Majlis Senatida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorlik istiqbollarini hamda ushbu xamkorlikning mamlakat milliy manfaatlariga ta’sirini chuqur va har tomonlama o‘rganish bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuzildi.  

O‘zbekiston parlamenti ishchi guruhi YeOII bilan hamkorlik masalasini o‘rganishga kirishdi

“Mazkur Ishchi guruh O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida qayd etilgan topshiriq va ko‘satmalari asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan takliflar hamda mazkur masalaga oid boshqa materiallarni chuqur o‘rganadi, ularning keng muhokamasini tashkil qiladi va o‘zining xulosasini tayyorlaydi”, - deyilgan Senat matbuot xizmati xabarida.

Ta’kidlanishicha, bunda YeOIIga a’zo davlatlar tajribasi, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududiy klasterlar, sanoat va savdo zonalarini tashkil etish, hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirishi, erkin savdo rejimining amaliyoti kabi qator istiqbolli imkoniyatlar batafsil va atroflicha tahlildan o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

O‘rganish jarayoni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Vazirlar mahkamasi hamda respublikaning mutasaddi vazirlik va idoralari bilan yaqindan hamkorlikda tashkil qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining maxsus ishchi guruhi YeOIIga a’zolikning ijobiy va salbiy tomonlarini o‘rganib chiqqani xabar qilingan edi.