O‘zbekistonda yana 13 kishi koronavirusdan butunlay sog‘aydi

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan forig‘ bo‘lganlar soni 25 nafarga yetdi. Ularning 12 nafari Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan sog‘ayib chiqishdi.
Sputnik

TOShKENT, 2 apr — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorning yana 13 nafari butunlay tuzaldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Qaysi davlatlardan qaytgan o‘zbekistonliklarda COVID-19 aniqlangan

Ularning 12 nafari Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan, 1 nafari esa Xorazm viloyatidagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonadan sog‘ayib chiqishdi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayganlarni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa mas’ullar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatdi.

Koronavirus infeksiyasidan tuzalgan fuqarolarning 1 nafari 13-mart kuni Istanbul—Toshkent yo‘nalishidagi reysda, yana 1 nafari esa 18-mart kuni Moskva—Toshkent yo‘nalishidagi reys bilan O‘zbekistonga kelgan. Qolgan 11 nafar kishi esa koronivirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar bilan muloqotda bo‘lgan.

Shu tariqa O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar soni 25 nafarga yetdi.