O‘zbekiston pandemiya tufayli OTBdan 1 mlrd dollargacha mablag‘ so‘radi

Ta’kidlanishicha, Osiyo taraqqiyot banki prezidenti ushbu masala jarayonlarini tezlashtirish uchun barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilishini ma’lum qilgan.
Sputnik

TOShKENT, 1 apr — Sputnik. O‘zbekiston hukumati Osiyo taraqqiyot banki (OTB)dan yangi COVID-19 koronavirusi pandemiyasi tufayli davlat budjeti uchun 1 milliard dollargacha mablag‘ so‘radi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

1 aprel kuni bosh vazir o‘rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov videokonferensiya formatida OTB prezidenti Masatsugu Asakava bilan mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlariga ta’sirini yumshatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni muhokama qildi.

“OTBning O‘zbekistonga 1 milliard AQSh dollarigacha budjet mablag‘larini ajratish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish masalasi alohida muhokama qilindi”, - deyilgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, Asakava ushbu masala jarayonlarini tezlashtirish uchun barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilishini ma’lum qilgan.

Mirziyoyev pandemiya vaqtida kam ta’minlanganlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriq berdi

Vazirlik xabariga ko‘ra, OTB O‘zbekistonning virus tarqalishi bilan bog‘liq tibbiy ehtiyojlari uchun 200 ming dollarga teng miqdorida grant ajratilishini ma’qullagan.

“Shuningdek Bank tomonidan, Respublika sog‘liqni saqlash tizimini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilish istiqbollari ko‘rib chiqilmoqda”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Koronavirus tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozga qarshi jamg‘arma tuzgan va unda 10 trillion so‘m shakllantirilgan. Koronavirus ta’siri eng yuqori bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq ta’tillari va kredit qarzlari bo‘yicha imtiyozlar berish, budjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilangan.