TOShKENT, 30 mar — Sputnik. O‘zbekistonda yana to‘rt kishiga koronavirus tashxisi qo‘yildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.
“Ayni vaqtgacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 4 taga oshib, 149 nafarni tashkil etmoqda. Ushbu infeksiya 2 nafar andijonlik (ayollar), 1 nafar farg‘onalik (erkak) va 1 nafar toshkentlik (erkak) fuqarolarda aniqlandi”, - deyilgan xabarda.
Avvalroq sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan 3 nafar bemorning ahvoli og‘ir ekanligini ma’lum qilgan edi.
Ta’kidlanishicha, barcha bemorlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, belgilangan standartlar asosida davolanmoqda.
JSST 11-mart kuni yangi turdagi koronavirus COVID-19 tarqalishini pandemiya deb e’lon qildi. So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda virusni yuqtirganlar soni 736 mingdan ziyod kishini tashkil qilmoqda, 34 mingdan ziyod kishi vafot etgan. 156 mingdan ortiq kishi tuzalib ketishga muvaffaq bo‘lgan.