Karantin davrida bog‘cha bolasi ota-onasiga mehnat ta’tili berish tartibi tasdiqlandi

Karantindagi vaqtinchalik ta’til, shuningdek, bog‘cha tarbiyalanuvchisi yoki maktab o‘quvchisining ota-onasi o‘rnini bosuvchi shaxs, vasiy, homiyga berilishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 30 mar - Sputnik. Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan nizom bilan karantin davrida bog‘cha bolasi ota-onasiga mehnat ta’tili berish tartibi tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, mehnat ta’tili karantin davrida bog‘chalar va maktablar faoliyati to‘xtatilgan davrda bog‘cha tarbiyalanuvchisining va maktablar 1-4-sinf o‘quvchilarining ota-ona (ularning o‘rnini bosuvchi shaxs, vasiy, homiy)siga beriladi.

Bunda, ta’til xodimning xohishiga ko‘ra, ta’tillar jadvalidan qat’i nazar beriladi.

Agar xodim bog‘cha yoki maktab faoliyati to‘xtatilishidan oldin mehnat ta’tilini olgan bo‘lsa yoki mehnat ta’tili olishni xohlamasa uning roziligi bilan quyidagilar amalga oshirilishi mumkin:

Karantinda uydan ishlash tartibi belgilandi - Mehnat vazirligi

- masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigi yoki uyda ishlashga vaqtincha o‘tkazish;

- ish haqi saqlanmagan ta’til berish.

Ish beruvchi xodimdan mehnat ta’tiliga chiqishi haqida ariza olgan kuni ta’tilning boshlanishi va tugash sanasini ko‘rsatgan holda buyruq chiqaradi.

Ta’lim muassasalarida karantin davom etishi munosabati bilan mehnat ta’tili tugagan kun ishga chiqishni iloji bo‘lmaganda, xodim  ish beruvchi nomiga quyidagi mazmundagi arizani yuboradi:

- muddati  va boshlanish sanasi ko‘rsatilgan ish haqi saqlanmagan ta’til olish bo‘yicha;

- masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga vaqtincha o‘tkazish bo‘yicha.

Ish beruvchi xodimga arizasida ko‘rsatilgan sanadan boshlab ish haqi saqlanmagan ta’til berishga majbur, Mehnat kodeksida belgilangan maksimal muddat bo‘yicha cheklovlar karantin davrida tatbiq qilinmaydi.