Nyu-Yorkda har 17 daqiqada bir odam koronavirusdan o‘lyapti - OAV

AQSh prezidenti Donald Tramp shanba kuni bir qator shtatlarda, xususan, Nyu-Yorkda ham karantin rejimi joriy etilishi mumkinligini aytdi
Sputnik

TOShKENT, 28 mar - Sputnik. OAV hisob-kitobiga ko‘ra, Nyu-Yorkda koronavirus tufayli har 17 daqiqada bitta o‘lim holati sodir bo‘lmoqda.

Koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha AQSh dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi

"So‘nggi ikki kun davomida har 17 daqiqada Nyu-Yorkning bir yashovchisi koronavirus tufayli vafot etmoqda", - deb yozadi New York Post.

Hozirda Nyu-Yorkda koronavirusning jami qurbonlari soni 450 kishiga yetgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp shanba kuni bir qator shtatlarda, xususan, Nyu-Yorkda ham karantin rejimi joriy etilishi mumkinligini ma’lum qilgan.

"Biz bir nechta holatlarni ko‘rib chiqapmiz... Ayrimlar Nyu-Yorkni karantinda ko‘rishni xohlayapti. Ehtimol, Nyu-Jersi, va yana bir-ikkita boshqa shtatlar. Balki, Konnektikut qisman karantinda bo‘lar. Men hozir bu haqda o‘ylayapman. Balki, buni amalga oshirarmiz. Balki, yo‘q. Balki, shu bugunning o‘zida bu ro‘y berar", - deb aytgan Tramp jurnalistlarga.

Jon Xopkins universiteti hisob-kitobicha, AQShda virusni yuqtirganlar soni 105 ming nafarga yetgan, 1711 bemor vafot etgan. Nyu-York koronavirus qurbonlari soni bo‘yicha amerika shaharlari orasida yetakchilik qilyapti.

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, butun dunyoda virusni yuqtirganlar soni 510 mingdan oshgan, 23,5 ming kishi vafot etgan.