Yana 3 ta viloyat kirish va chiqish uchun yopildi

Respublikaning yana 3 ta viloyatlariga barcha hududlardan kirish har qanday transport vositalari uchun to‘xtatildi.
Sputnik

TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Ayni paytda epidemik vaziyat tufayli Respublikaning Navoiy, Samarqand va Sirdaryo viloyatlariga kirish va chiqish rasman to‘xtatilgan.   

O‘zbekistonda COVID-19dan birinchi o‘lim qayd etildi

Joriy yilning 27-mart kuni soat 12:00 dan boshlab, Navoiyning barcha shahar va tumanlari, soat 00:01dan boshlab Guliston shahri, soat 06:00 dan boshlab esa Samarqand shahri uchun barcha hududlardan kirish har qanday transport vositalari uchun to‘xtatilgan.

Joriy yilning 24-mart kunida Buxoro viloyati hokimining farmoyishiga asosan viloyat hududida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi transport vositalari qatnovi vaqtinchalik to‘xtatilgan edi.

Ta’kidlanishicha, yuqoridagi viloyatlarga kirishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarda, shifokor va hamshiralar, ushbu hududlarda doimiy yashovchi shaxslarga, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilotlarda mehnat qilayotgan rahbar va xodimlarga nisbatan qo‘llanilmaydi. 

Bundan tashqari davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat tumanlariga biriktirilgan mas’ul xodimlariga nisbatan ushbu cheklov tatbiq etilmaydi.

Mazkur hududlarda dezinfeksiya qilingan yo‘nalishsiz taksilardan tashqari avtotransport vositalarida yo‘lovchi tashishga yo‘l qo‘yilmasligi ma’lum qilinmoqda.