Koronavirusdan vafot etgan kishi qay tarzda dafn etiladi - Fatvo hay’ati

Janoza, dafn va ta’ziya marosimlari ixcham, epidemiya hamda karantindagi talablarga jiddiy amal qilingan holda maxsus komissiya qarori bilan qat’iy cheklangan tarkibda o‘tkaziladi.
Sputnik

TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Janoza, dafn va ta’ziya marosimlari ixcham, epidemiya hamda karantindagi talablarga jiddiy amal qilingan holda maxsus komissiya qarori bilan qat’iy cheklangan tarkibda o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati ma’lumot berdi. 

Karantinda xodimlarga oylik maoshlari qay tartibda yetkazilmoqda?

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda mayyitni yuvish, kafanlash va dafn marosimlari sanitar xodimlar yordamida shariatga muvofiq, dunyo musulmon davlatlari tajribasida o‘tkazilmoqda.

Ushbu amallarni bajarishda mayyitning yaqinlari ishtirok etmaydi, yaqin qarindoshlari faqat janoza o‘qishda qatnashadi xolos. 

Ayni kunda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda mayyitni imkon qadar karantin holatida va shariat ko‘rsatmalariga muvofiq yuvish, kafanlash va dafn qilishga harakat qilinmoqda. Jarayonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili ishtirok etadi.

"Mazkur amallar farzi kifoya ma’nosidagi ishlar bo‘lib, ba’zi musulmonlar amalga oshirishsa, qolganlaridan soqit bo‘ladi. Demak, koronavirus kasalligi mavjud bo‘lgan mayyitni dafn marosimini faqat yaqin qarindoshlari vakillari ishtirokida qilish lozimdir," – deyiladi Fatvo hay’ati ma’lumotida.

Shuninglek, dafn marosimida ishtirok etuvchilar niqoblar va qo‘lqoplardan foydalanishlari, marosimdan so‘ng ham karantin talablari asosida dezinfeksiya va shaxsiy gigiyena amallarini bajarishlari lozim.