TOShKENT, 26 mar — Sputnik. Koronavirusga chalingan bemorlarni davolash vaqtida virus yuqtirib olgan tibbiyot xodimlariga konpensatsiya to‘lovi to‘lanadi. Bu haqda O‘zbekiston 24 informatsion dasturi orqali ma’lum qilindi.
Prezident imzolagan yangi qarorga ko‘ra, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash vaqtida virus yuqtirib olgan tibbiyot xodimiga 100 million so‘m kompensatsiya to‘lovi to‘lanadi.
Bu haqda prezidentning o‘zi shunday deydi:
— “Koronavirusga qarshi kurashishdagi o‘ziga xos “jang maydoni”da tibbiyot xodimlari birinchi zarbani qabul qilmoqdalar.
Oddiy haqiqatni tan olish adolatdan bo‘ladi. Kasallarga o‘z vaqtida yordam berilsa, ular shifo topadi, kasalxonalarni tark etadi. Lekin, oxirgi kasal tuzalmaguncha tibbiyot xodimlari ish joyini tark etolmaydi.
Shu sababli, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga qo‘shayotgan ulkan hissalarini va fidokorona xizmatlarini e’tirof etgan holda, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb etilgan tibbiyot, sanitar-epidemiologik va boshqa xodimlarni qo‘shimcha ijtimoiy hamda moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida alohida qarorni imzoladim”– deydi Shavkat Mirziyoyev.