Moskva-Buxoro reysining 10 nafar yo‘lovchisi shifoxonaga joylashtirildi

Moskvadan 249 nafar o‘zbekistonlik olib kelindi. Ularning 10 nafarida ko‘ngil aynishi va o‘zlarini holsiz sezish holatlari kuzatildi.
Sputnik

TOShKENT, 26 mar — Sputnik. 25-mart kuni Rossiyadan 604-sonli reys bilan Moskva-Buxoro yo‘nalishida uchib kelgan va samolyot bortida 249 nafar mamlakat fuqarolari aviareys qabul qilindi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, viloyatda mamlakat fuqarolari favqulodda holatdan kelib chiqqan holda karantin tartib-qoidalari asosida kutib olingan.

“Fuqarolarning 10 nafarida ko‘ngil aynishi va o‘zlarini holsiz sezish holatlari kuzatilganligi bois zudlik bilan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan”, - deyilgan xabarda.

Qolgan yo‘lovchilarning har biriga nisbatan tibbiy-profilaktik nuqtayi nazaridan qattiq nazorat o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 24-mart kuni viloyatga uchib kelgan Moskva-Buxoro reysining to‘rt yo‘lovchisi yuqori harorat bilan shifoxonaga olib ketilgani xabar qilingan edi.