SSV: Koronavirus aniqlanganlar orasida mamlakatning turli hududidan bo‘lgan fuqarolar bor

Bemorlarning 2 nafari Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ulardan birida Saudiya Arabistonida Umra safarida bo‘lib qaytgach, koronavirus infeksiyasi aniqlangan.
Sputnik

TOShKENT, 25 mar — Sputnik. O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar orasida mamlakatning turli hududlaridan bo‘lgan fuqarolar bor. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Avval xabar berganimizdek, hozirda O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar 55 nafarni tashkil etmoqda.

Jumladan, ayni paytda Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan bemorlar orasida poytaxtdan tashqari, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan bo‘lgan fuqarolar ham bor.

SSV tibbiy niqoblarni to‘g‘ri taqish foydasi haqida eslatdi

“Shuningdek, bemorlarning 2 nafari Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ulardan biri Saudiya Arabistonida Umra safarida bo‘lib qaytgach, unda koronavirus infeksiyasi aniqlangan”, - deyilgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, barcha bemorlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, belgilangan standartlar asosida davolanmoqda.

SSV fuqarolardan karantin qoidalariga, jumladan, imkon qadar uydan chiqmaslik, jamoat joylarida to‘planmaslik, shaxsiy gigiyena kabi qoidalarga qat’iy amal qilishlarini so‘rab qolgan.