Pullar karantinga olinadi. Aholi naqd pulga ehtiyoj sezsa, nima qiladi?

Ta’kidlanishicha, virus qog‘oz shaklidagi tashuvchilarda 3-4 kun yashaydi. Shuning uchun Markaziy bank aholini mobil yoki internet bankdan foydalanishga chaqirmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Naqd pullar virus tarqatuvchi manbalardan biri bo‘lganligi bois, undan foydalanish vaqtinchalik to‘xtatilmoqda. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston Markaziy banki barcha bank muassasalariga naqd pullarni kamida bir hafta pul omborxonalarida saqlashni tavsiya qilmoqda.

Xitoyda “koronavirusga uchragan” pullar yo‘q qilinadi

Sababi to‘lovlarni amalga oshirishda naqd pullardan foydalanish virus tarqatuvchi kanallardan biri bo‘lishi mumkin. Jumladan, virus qog‘oz shaklidagi tashuvchilarda 3-4 kun yashashi ma’lum qilingan.

Shu bois naqd pullarning virus tashishdagi xavfi yuqoriligini inobatga olgan holda, Markaziy bank aholini mobil yoki internet bankdan foydalanishga chaqirmoqda.

Agar banknotalar karantinda saqlanayotgan vaqtda naqd pulga ehtiyoj bo‘lsa, Markaziy bank orqali tijorat banklariga yetkazib beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank koronavirusdan saqlanish uchun naqd pullardan kamroq foydalanishni tavsiya qilgan edi.