Jizzaxda karantin sababli yopilgan oshxonada pichoqbozlik yuz berdi

Xo‘randa Jizzaxda karantin sabab ishlamayotgan oshxonalarning birida janjal ko‘tardi va ikki kishini pichoqlab qo‘ydi.
Sputnik

TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Jizzaxda karantin sabab yopilgan oshxonaga kelgan xo‘randalar janjal chiqargan, ulardan biri ikki kishini pichoqlab qo‘ygan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

Karantin sharoitida xotirjamlikni qanday saqlash kerak - ruhshunos maslahati

Fuqaro M.N. va N.J. Sharof Rashidov tumanida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasiga kelgan va taom buyurtirgan. Oshpaz mijozlarga karantin sababli oshxona ishlamayotganligini tushuntirishga uringan, buni tushunishni istamagan xo‘randalar esa nizo chiqargan.

Shovqinni eshitib, oshxona ro‘parasida istiqomat qiluvi 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro F.U hamda uning hali maktab o‘quvchisi bo‘lgan ukasi chiqib kelgan.

Dahanaki janjal oqibatida fuqaro M.N. o‘zi bilan doimiy ravishda olib yurgan pichog‘i bilan O.U. va uning akasiga tan jarohatini yetkazgan.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.