Novosibirsk aeroportida qolib ketgan fuqarolar O‘zbekistonga olib kelindi

Novosibirsk aeroportida qolib ketgan 253 nafar fuqaro O‘zbekiston havo yo‘llarining maxsus charter parvozi bilan vataniga olib kelindi.
Sputnik

TOShKENT, 23 mar - Sputnik. Kecha 22-mart kuni O‘zbekiston havo yo‘llari aviakompaniyasi Novosibirsk shahrining "Tolmachevo" aeroportidan Toshkentga 253 nafar yo‘lovchini charter parvozi bilan olib keldi, deb xabar qilmoqda kompaniya matbuot xizmati.

TIV rahbari maslahatchisi xorijdagi fuqarolarni qiynayotgan savollarga javob berdi

Yo‘lovchilarning barchasi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Ushbu parvoz Tashqi ishlar, Transport vazirliklari mutasaddilari hamda charter qatnovlar bo‘yicha maxsus komissiya ko‘magida amalga oshirilgan.   

Eslatib o‘tamiz, 19-mart kuni Rossiyada xalqaro parvozlar cheklanishi munosabati bilan Moskvaning Sheremetyevo hamda Novosibirskning Tolmachevo aeroportlarida bir guruh o‘zbekistonlik yo‘lovchilar qolib ketgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi.

TIV xabariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston elchixonalarda tashkil etilgan operativ shtablarga 5852 nafar O‘zbekiston fuqarolari hamda 2820 nafar chet el fuqarolari vatanga qaytishni so‘rab murojaat qilishgan. Ayni damda Turli yo‘nalishlarda 19 ta charter reyslari, Rossiya, Turkiya va Koreyadan muntazam charter reyslarini tashkillashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.