Mudofaa vazirligi harbiylari karantin obyektlaridagi nazoratni kuchaytirdi

Chet el mamlakatlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari maxsus charter reyslar bilan olib kelinib, 14 kunlik karantinda saqlanmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan karantinga olingan hududlar nazorati kuchaytirildi.

“Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida karantinga olingan obyektlarda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kunu tun o‘z xizmat faoliyatini olib bormoqda”, - deyilgan vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Karantindan qochmoqchi bo‘lgan yana bir shaxs qo‘lga olindi

Ta’kidlanishicha, xavfsizlikning bu tarzda kuchaytirilishi, shubhasiz, fuqarolar salomatligi va mamlakatning ushbu kasallikdan talafotsiz va tezroq xalos bo‘lishiga zamin yaratadi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda chet mamlakatlarda bo‘lib turgan fuqarolar maxsus charter reyslar orqali O‘zbekistonga olib kelinib, 14 kunlik karantinda saqlanmoqda.