Maxsus komissiya karantin qoidalariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan murojaat qildi

Xabarda yozilishicha, yaratilgan sharoitlarga qaramasdan, karantinga olingan maskandan bir necha marta qochib ketish holatlari kuzatilgan. Ushbu fuqarolar hozirda ushlangan va ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Sputnik

TOShKENT, 22 mar — Sputnik. O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi fuqarolarga murojaat qildi.

Qayd etilishicha, koronavirus tarqalishini oldini olishning eng muhim sharti karantin qoidalariga qat’iy va istisnolarsiz rioya etishdir.

“Shuning uchun, chet eldan qaytib kelayotgan vatandoshlarimiz, faoliyatida cheklovlar o‘rnatilgan tashkilotlar va muassasalar, tadbirkorlik subyektlari va umuman mazkur cheklovlar tegishli bo‘lgan barcha-barcha subyektlar, jismoniy va mansabdor shaxslar davlat tomonidan belgilangan karantin qoidalari va talablarini so‘zsiz bajarishlarini qat’iy so‘raymiz”, - deyilgan murojaatda.

Xabarda yozilishicha, yaratilgan sharoitlarga qaramasdan, karantinga olingan maskandan bir necha marta qochib ketish holatlari kuzatilgan. Ushbu fuqarolar hozirda ushlangan va izolyatsiya qilingan. Ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

“Shu munosabat bilan yana bir marta barcha aholi qatlamlarini alohida ogohlantiramiz hamda o‘z harakatlaringiz bilan nafaqat o‘zingiz balki oila a’zolaringiz va xalqimizga ziyon yetkazishingiz mumkinligini doimo esda tutishlaringizni so‘raymiz”, - deyiladi xabarda.

Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun O‘zbekiston qonunchiligida juda keskin javobgarlik choralari ko‘zda tutilgani eslatib o‘tilgan.

Karantindan qochmoqchi bo‘lgan yana bir shaxs qo‘lga olindi

Jinoyat kodeksiga asosan shunday huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslar 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, virus keng tarqalishining oldini olish uchun fuqarolar jamoat joylariga iloji boricha chiqmasligi, o‘z harakatlanishini keskin cheklashlari va umuman olganda jamiyatda bir-birlari orasida masofa saqlashlari zarur.

“Hurmatli fuqarolar, barcha belgilangan qoida va cheklovlarga tartibli ravishda amal qilinsagina, tegishli tashkilotlar talablari qat’iy bajarilsagina, butun dunyoda tarqalayotgan ushbu virusga qarshi birgalikdagi, hamjihatlikdagi kurashimiz samara beradi. Barchangizni shunga chaqiramiz.

O‘z navbatida, tegishli mutasaddi mas’ul idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari va xodimlari karantin bilan bog‘liq talablarga rioya etilishini 24 soat ta’minlab borilishiga shaxsan javobgardirlar”, - deya yakunlangan xabar.