Nishonovning yordamchisi: Lavrov diplomatlikni qanday boshlagan?

Bugun Rossiya TIV rahbari 70-yillik yubileyini nishonlamoqda. Lavrov o‘z diplomatik faoliyatini Sovet Ittifoqining Shri-Lankadagi elchisi - o‘zbekistonlik siyosatchi Rafiq Nishonov yordamchisi sifatida boshlagan.
Sputnik

TOShKENT, 21 mar — Sputnik. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov SSSRning Shri-Lankadagi elchixonasida diplomat sifatida karyerasi qanday boshlangani haqida gapirdi va o‘sha paytdagi eng esda qolarli voqeani yodga oldi.

Sizlarni kim tarbiyalagan? Sergey Lavrovni eng mashhur iboralari

Lavrov MGIMOni 1972-yilda tamomlagan. U ingliz, fransuz va singal (Shri-Lankadagi ikkita rasmiy tildan biri) tillarini biladi. 1972-yildan 1976-yilga qadar Kolombodagi sovet elchixonasida faoliyat yuritgan.

"Albatta, xotiralarimda eski bino (elchixona binosi. - tahr.) muhrlanib qolgan, chunki men u yerda to‘rt yilni o‘tkazganman. Men Sovet Ittifoqi elchisi Rafiq Nishonovich Nishonovning yordamchisi edim. Allohdan u kishiga salomatlik so‘rayman. Biz MGIMO bitiruvchilari va keksa yoshdagi o‘rtoqlar - birinchi kotib va maslahatchilardan iborat jamoani shakllantira oldik. Futbol, voleybol o‘ynardik", - dedi Lavrov "Rossiya 1" telekanalidagi "Vesti v subbotu" ko‘rsatuvida bergan intervyusida.

Jumladan, Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, dipmissiya xodimlari har shanba va yakshanba elchixona qoshidagi klubda to‘plangan va turli sport o‘yinlarini o‘ynab, shuningdek, birgalikda kino ko‘rganlar.

"Shunday an’ana bor edi. Zamonaviy sharoitlarda elchixonalarda umumiy kinofilmlar tomoshasi kamdan-kam tashkil etiladi. Chunki har bir kishi buni o‘z tanlovidan kelib chiqqan holda uyida amalga oshirishi mumkin", - deb qo‘shimcha qildi TIV rahbari. Lavrov elchixonada "hozirgacha televideniya orqali namoyish etiladigan yaxshi sovet filmlarini tomosha qilishgani"ni aytdi. Filmlar SSSRdan yuborilgan.

Abdulaziz Kamilov Sergey Lavrovni 70 yoshga to‘lgani bilan tabrikladi

Lavrovning aytishicha, Shri-Lankadagi faoliyati davomida ro‘y bergan eng yorqin xotiralardan biri, shaxsiy ish kabinetida ilonga duch kelgani bo‘lgan.

"Eski binodagi kabinetimga kichkina qora ilon sudralib kiribdi. Konditsionerlar devorga o‘yib joylangan bo‘lib, kichikroq tuynuk qolgan va o‘sha orqali ilon kabinetimga kirgan. Lekin biz uni darhol neytralladik. So‘ngra barcha kabinetlarni aylanib, mavjud tuynuklarni yopib chiqdik", - dedi u.

Bundan tashqari, vazir, mamlakat bo‘ylab sayohat ham xotirasida yaxshi muhrlanib qolganligini qo‘shimcha qildi. Lavrovning aytishicha, orolda qiziqarli joylar juda ko‘p.

"Shri-Lanka qiziq tarixga ega. Barchaga ko‘hna poytaxt - Kandini ziyorat qilishni tavsiya etaman", - deya maslahat berdi Lavrov.