Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlari qanday o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Tokio - 2020 o‘yinlari qoldirilmasligini va musobaqalar har bir sportchi va delegatsiya a’zosi xavfsizligi ta’minlangan sharoitda o‘tkazilishini tasdiqladi.
Sputnik

TOShKENT, 19 mar - Sputnik. Koronavirus tufayli ko‘plab madaniy va sport tadbirlari bekor qilinayotgan vaqtda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Tokio 2020 yozgi Olimpiada o‘yinlari qoldirilmasligini xabar qildi. 

XOQ rasmiy bayonotiga ko‘ra, bo‘lajak Olimpiya o‘yinlari belgilangan sanada o‘tkaziladi va tashkiliy qo‘mita 2 ta eng muhim shartga amal qiladi:

  1. Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan har bir sportchi, delegatsiya a’zolarining xavfsizligini ta’minlash;
  2. Olimpiya sport turlari va atletlar manfaatini himoya qilish.

Ayni paytga kelib musobaqaning 57 % yo‘llanmalari o‘z egalarini topib bo‘lgan. Qolgan 43 % litsenziyalar taqsimoti quyidagi tartibda amalga oshiriladi.

Olimpiada mash’alasini yoqish marosimi ilk bor muxlislarsiz o‘tkaziladi

Birinchidan, allaqachon qo‘lga kiritilgan kvotalar MOQ va sportchilar hisobida qoladi. 

Ikkinchidan, rejalashtirilgan kvalifikatsion turnirlar har bir jamoa va sportchilar uchun qulay va xavfsiz muhit yuzaga kelganida adolatli amalga oshiriladi.

Va uchinchidan, saralash tizimidagi har qanday o‘zgarishlar quyidagilarga asoslanadi:
– Shu vaqtgacha bo‘lgan natijalar (avvalgi ko‘rsatkichlar, milliy federatsiyalar reytingi va hokazo);
– Mavjud tanlov tamoyillari (kontinental va mintaqaviy musobaqalar, qo‘lga kiritilgan reytinglar va boshqalar). Qolgan kvotalar istisno holatlarida Tokio-2020 tashkiliy qo‘mitasining ko‘rib chiqishi bilan taqsimlanishi mumkin.

XOQning yuqorida keltirilgan tamoyillarga muvofiq milliy federatsiyalar har bir sport turining saralash tizimidagi kamchiliklari bo‘yicha alohida takliflar kiritishi mumkin.