Turkiyaga borganini yashirgan bemor tufayli Toshkentdagi shifoxona karantinga olindi

Ta’kidlanishicha, 1-klinik shifoxona Turkiyaga borganini yashirgan bemorda virus tasdiqlangani uchun karantinga olindi.
Sputnik

TOShKENT, 19 mar — Sputnik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTOIM) va Toshkent shahar “Ibn Sino ”nomli 1-son klinik shifoxonasi karantin tufayli yopilgani haqidagi xabar yuzasidan izoh berdi.

Koronavirusga chalinganlar ahvoli qoniqarli - SSV

Vazirlik xabarida yozilishicha, RShTOIM bo‘limlaridan birining shifokori o‘zida koronavirus infeksiyasiga shubha qilganligi bois, o‘sha bo‘lim ehtiyot chorasi sifatida ma’lum muddat karantinga olingan.

Ammo ixtisoslashgan tahlillar natijasi shifokorda ushbu infeksiya yo‘qligini ko‘rsatgandan keyin markaz bo‘limidagi karantin tartibi bekor qilindi. Hozirda markaz odatdagidek uzluksiz faoliyat ko‘rsatmoqda.

1-son shahar klinik shifoxonasida esa koronavirusga gumon qilinib, keyinchalik Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida ushbu tashxis tasdiqlangan fuqaro o‘zini Turkiyada bo‘lganligini yashirib, ma’lum vaqt ushbu shifoxonada bo‘lgan.

“Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bu ayni o‘sha paytda mazkur shifoxonada koronavirus tarqaldi, degan yakuniy xulosa emas. Faqat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablariga muvofiq ravishda va qat’iy ehtiyot chorasi sifatida ushbu shifoxona ma’lum muddat karantinga olindi. Yaqin kunlarda davolash ishlari yana o‘z iziga tushiriladi”, - deyiladi vazirlik xabarda.

Xabar so‘nggi vazirlik koronavirus infeksiyasi borasida barcha rasmiy ma’lumotlarni ochiq, oshkora soatma-soat ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib borilayotganini ta’kidlab, aholidan turli mish-mishlarga ishonmasliklarini so‘rab qolgan.