TOShKENT, 18 mar — Sputnik. Joriy yilning 16-fevral kuni Koson tumanining Tinchlik MFY hududidan o‘tgan, hozirgi kunda harakatdan to‘xtagan gaz quvurlari noma’lum shaxs tomonidan o‘g‘rilab ketilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti ma’lum qilmoqda.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida, Koson tumanida yashovchi A.A., o‘z boshqaruvidagi yuk avtomashinasida 84 dona quvurlarni Samarqandga olib ketayotganida ushlangan va umumiy 84.630.000 so‘mlik qiymatda bo‘lgan 806 metr qismlik quvurlar tegishli tartibda hujjatlashtirilib olingan.
Ushbu jinoyatni 37 yoshli A.D. va 53 yoshli Sh.K., lar o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirgan holda sodir etishgan, bunga esa chilangarlik bilan shug‘ullanuvchi 36 yoshli B.N.ni ham jalb qilishgan. Qolganlar, 25 yoshli Ya.M. va uning 9 nafar tanishlari kesilgan 84 dona gaz quvurlarini yuk avtomashinasiga yuklashgan. Hozirda ularning sodir etgan harakatlariga huquqiy baho berilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Koson tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 169-moddasi 3- qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.