O‘quvchilarga uy sharoitida darslar o‘tiladi

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ota-onalarga imkon qadar odam ko‘p bo‘lgan jamoat joylaridan bolalarni uzoq tutish kerakligini ta’kidladi.
Sputnik

TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Koronavirus epidemiyasining tarqalishi va oldini olish maqsadida ta’tilga chiqarilgan maktab o‘quvchilari uchun uy sharoitida darslar o‘tib boriladi. Bu haqda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Sherzod Shermatov ota-onalarga imkon qadar odam ko‘p bo‘lgan jamoat joylaridan bolalarni uzoq tutish kerakligini ta’kidladi.

"Bolalarimizni begonalar, odamlar ko‘p yig‘iladigan joylardan asrashimiz kerak bo‘ladi. Bu o‘zimiz uchun ham, har bir farzandimiz xavfsizligi uchun ham foyda," deydi u.

Shuningdek, vazir ta’tilning qancha muddatgacha davom etishi yoki o‘qishning qachon qayta boshlanishi masalasi hukumat darajasidagi komissiya qarori bilan hal etilishini bildirdi.  

Ungacha ta’tilda bo‘lgan o‘quvchilar uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratish maqsadida har bir fanlar bo‘yicha 1 sinfdan 11 sinfgacha o‘zbek va rus tillarida darslar o‘tib boriladi.

Darslar esa malakali o‘qituvchilar tomonidan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi kanallari orqali avvaldan yozib olingan bo‘lib, rus va o‘zbek tillarida namoyish etib boriladi.