Bemorlar soni oshdi: O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 10 nafarga yetdi

Istanbuldan mazkur reys bilan birga kelgan bemorning turmush o‘rtog‘i va yana bir fuqaroda ham ushbu infeksiya tasdiqlangan.
Sputnik

TOShKENT, 17 mar — Sputnik. 15-mart kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasiga qarashli Istanbul–Toshkent yo‘nalishidagi 274-reys bilan kelgan bir nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlanganligi haqida xabar berilgandi. 

AQShda koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi sinovlari o‘tkazildi

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Istanbuldan mazkur reys bilan birga kelgan bemorning turmush o‘rtog‘i va yana bir fuqaroda ham ushbu infeksiya tasdiqlangan.

Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan ushbu bemorlarning ahvoli hozircha  qoniqarli bo‘lib,  shifokorlar tomonidan  standartlar asosida davolash muolajalari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 15-mart kuni Virusologiya ilmiy tekshirish instituti laboratoriyasida Fransiyada bo‘lib qaytgan bir nafar O‘zbekiston fuqarosida, shuningdek, uning o‘g‘li va qizi, turmush o‘rtog‘i va nabirasida koronavirus infeksiyasi aniqlanganini xabar qilingandi. Olib borilgan tahlil natijalariga ko‘ra, ushbu bemor bilan muloqotda bo‘lgan qarindoshida ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.

14 mart kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasiga qarashli London–Toshkent yo‘nalishidagi 201- reys bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda epidemiologik surishtiruv hamda koronavirus infeksiyasining tarqalib ketmasligi uchun barcha profilaktik chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.