TOShKENT, 17 mar - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki koronavirus infeksiyasining tarqalishi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kredit xatarlarini yumshatish bo‘yicha choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Milliy regulyator respublikaning barcha tijorat banklariga COVID-19 virusidan zarar ko‘rgan korxonalar tomonidan kreditlarni qaytarish imkoniyatlarini sinchkovlik bilan o‘rganishni tavsiya qildi.
Bu birinchi navbatda turizm va xalqaro yuk tashish sohasidagi kompaniyalarga taalluqli.
Markaziy bank, shuningdek, banklarga ushbu korxonalarga asosiy qarzlarini 1-oktabrga qadar qaytarish uchun imtiyozli davr taqdim etishni tavsiya qildi. Yakuniy to‘lovlarni ham shu muddatga uzaytirish taklif etiladi.
Shu bilan birga, banklarga ushbu tavsiyalar asosida qayta ko‘rib chiqiladigan kreditlar sifatini tasniflashni o‘zgartirmaslik huquqi beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi karantin davrida oziq-ovqat va zarur mahsulotlar narxlarining o‘zgarmasligini nazorat qilishini ma’lum qilgan edi.
Qiymatni asossiz oshirlishi holatlari darhol Davlat soliq qo‘mitasi raisiga xabar qilinadi. Ularning har biri bo‘yicha profilaktika choralari ko‘riladi.