TOShKENT, 16 mar — Sputnik. 2020-yil 16-mart kuni Riga - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha bo‘lgan HY104 qatnovi Namangan shahriga keladi. Ushbu qatnov bilan kelgan barcha yo‘lovchilar Namangan shahrida karantinga yuboriladi, deb xabar qildi Uzbekistan Airways matbuot xizmati.
“Yo‘lovchilarning vaqtincha joylashtirish punktida turishi masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-yepidemiologiya osoyishtalik agentligining bosh qarorgohiga 71 276-49-66 telefon raqami orqali murojaat qiling”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, koronavirusning O‘zbekiston hududiga kirib kelishidan saqlanish maqsadida Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 2020-yil 16-martdan boshlab “Toshkent – Nyu-York – Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni vaqtincha to‘xtatdi.